O'zbekiston Respublikasi

Davlat soliq qo'mitasining

Soliq akademiyasi

 

gerb

   sitemap

 

 

"Shunga erishmog'imiz kerakki, har bir soliq to'lovchi, u xoh jismoniy, xoh yuridik shaxs bo'lsin, soliq to'lashdan bo'yin tovlamasdan, daromadlarini yashirishga urinmasdan, aksincha, o'z ishlab chiqarishini rivojlantirish va daromadini oshirishga intilsin"   I.A.Karimov. 

Home  /  Jismoniy shaxslar soliqqa tortish  /  DEKLARATSIYA ASOSIDA SOLIQ SOLISH

DEKLARATSIYA ASOSIDA SOLIQ SOLISH

DEKLARATSIYA ASOSIDA SOLIQ SOLISH

Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya - soliq to‘lovchining olingan yillik daromadi to‘g‘risidagi yozma arizasidan iborat bo‘ladi. Unda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

soliq to‘lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, jinsi, fuqaroligi, doimiy yashash joyi manzili;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

soliq solinishi lozim bo‘lgan daromadlar turlarga ajratib ko‘rsatilgan holda olingan jami yillik daromad (bir martalik operatsiyalardan hamda mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlarni deklaratsiya qilish uchun faqat ushbu operatsiyalarning o‘zidan olish mo‘ljallanayotgan daromad aks ettiriladi);

daromadlarning manbalari;

daromad olish bilan bog‘liq xarajatlar, majburiy to‘lovlar, chiqimlar va ajratmalarning summalari;

jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar;

hisoblab chiqarilgan soliq summasi;

haqiqatda to‘langan soliq summasi.

Shuningdek, jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosiy ish joyi bo‘yicha to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnoma ilova qilinadi.

 

Deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlar

Deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlarga O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining quyidagi daromadlari kiradi:

mulkiy daromadlar, agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa;

fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;

asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlar;

ikki yoki undan ko‘p manbadan olingan soliq solinadigan daromadlar;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar;

soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlar.

Agar soliq to‘lovchining asosiy bo‘lmagan ish joyidan olgan daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i uning arizasiga ko‘ra belgilangan eng yuqori stavka qo‘llanilgan holda ushlab qolingan bo‘lsa, daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilmaydi.

 

Daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibi

Soliq to‘lovchi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar Soliq kodeksining 189-moddasida ko‘rsatilgan daromadlar bo‘yicha jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani, agar boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.

Deklaratsiya qilinishi shart bo‘lmagan daromadlarni olgan soliq to‘lovchilar doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin.

Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek elektron shakldagi axborot tarzida taqdim etilishi mumkin.

Chet ellik jismoniy shaxs – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti belgilangan tartibga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketayotgan bo‘lsa, soliq davrida haqiqatda olgan daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani Respublika hududidan tashqariga chiqib ketishidan bir oy avval taqdim etilishi lozim.

Mol-mulkini ijaraga berishdan daromad olayotgan jismoniy shaxs, agar ushbu daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining to‘lov manbaida soliq solinmasa, belgilangan muddatlarda jami yillik daromad to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish bilan bir qatorda ijaradan daromadlar paydo bo‘lgan kundan e’tiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kunlik muddatda dastlabki tarzdagi deklaratsiya ham taqdim etadi.

Agar soliq to‘lovchi daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan bo‘lsa, davlat soliq xizmati organi o‘zidagi mavjud ma’lumotlar asosida soliq summasini eng yuqori stavka bo‘yicha hisoblashga va soliq to‘lovchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan soliq summasi to‘g‘risida bildirishnoma topshirishga haqlidir. Soliq to‘lovchi tomonidan jami daromad to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilgan taqdirda, soliqning yakuniy summasi ushbu deklaratsiya hisobga olingan holda aniqlanadi.

 

Jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortish borasida soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar

O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 25 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-359-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 194-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi, jumladan:

Ko‘chmas mulk, yuridik shaxslarning - O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining ustav kapitalidagi aktsiyalari va ulushlari (paylari) bir Chet ellik jismoniy shaxs tomonidan boshqa jismoniy shaxsga - O‘zbekiston Respublikasi rezidentiga yoki norezidentiga, yuridik shaxsga - O‘zbekiston Respublikasi norezidentiga realizatsiya qilingan taqdirda, ushbu daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini ushlab qolish majburiyati, agar ushbu moddaning oltinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq agenti deb e’tirof etiluvchi daromadni to‘lash manbaiga (mol-mulkni sotib oluvchi zimmasiga) yuklatildi.

Aktsiyalar qimmatli qog‘ozlarning birja bozori va uyushgan birjadan tashqari bozorida realizatsiya qilinganda, O‘zbekiston Respublikasining qimmatli qog‘ozlar bozoridagi hisob-kitob kliring palatasi soliq agenti deb e’tirof etildi.

Agar sotuvchida - Chet ellik jismoniy shaxsda mol-mulk realizatsiya qilingan yildan keyingi yilning 1 apreliga qadar Soliq Kodeksining 192-moddasi uchinchi qismiga muvofiq daromadlarni deklaratsiya qilish bo‘yicha majburiyat yuzaga kelsa, soliq agenti tomonidan ushbu moddaga muvofiq ushlab qolingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya taqdim etilayotganda davlat soliq xizmati organi tomonidan qayta hisoblab chiqarilishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 4 dekabrdagi PQ-2270-sonli qarorning 26-ilovasiga muvofiq turar va noturar joylarni hamda avtotransport vositalarini ijaraga bergan jismoniy shaxslar uchun 2014 yilda joriy qilingan ijara to‘lovining oylik eng kam miqdorlari saqlanib qolindi.

Unga ko‘ra, noturar joy ob’ektining har bir kvadrat metri uchun oylik ijara to‘lovining miqdorlari Toshkent shahri uchun 6,0 ming so‘m, Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda 4,0 ming so‘m va boshqa aholi punktlarida 2,0 ming so‘m qilib belgilangan.

Shuningdek, jismoniy shaxs tomonidan ijaraga berilidigan turar joy ob’ektining har bir kvadrat metri uchun oylik ijara to‘lovining eng kam miqdorlari Toshkent shahrida 3,0 ming so‘m, Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda 2,0 ming so‘m va boshqa aholi punktlarida 1,0 ming so‘m qilib belgilangan.

Mazkur qaror bilan avtotransport vositalarini ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining oylik eng kam miqdorlari belgilangan, jumladan:

yengil avtomobil uchun (yo‘lovchilar, yuk tashish uchun mo‘ljallangan va o‘rindiqlari soni haydovchini hisobga olmagan holda 8 ta joydan ko‘p bo‘lmagan avtotransport vositasi uchun) har bir oyga - 220 000 so‘m;

boshqa avtotransport vositalari uchun (mikroavtobuslar, avtobuslar, yuk avtomobillar) har bir oyga - 430 000 so‘m;

 

Deklaratsiya bo‘yicha soliq to‘lash tartibi

Jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning ma’lumotlari asosida hisoblab chiqarilgan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini o‘tgan soliq davridan keyingi yilning 1 iyunidan kechiktirmay to‘laydilar.

Mol-mulkni ijaraga berishdan daromadlar oladigan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya asosida har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning beshinchi kunigacha to‘laydilar. Yil tugagach, jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqning yillik summasi haqiqatda olingan daromad bo‘yicha hisoblab chiqariladi.