O'zbekiston Respublikasi

Davlat soliq qo'mitasining

Soliq akademiyasi

 

gerb

   sitemap

 

 

Home  /  E-jurnal  /  Maqolalar  /  "Soliq va hayot" ilmiy-elektron jurnali №1, 2018

"Soliq va hayot" elektron ilmiy-elektron jurnali №1, 2018

“AХBOROТ ХAVFSIZLIGI” KURSINI O’QIТISHDA ТALABALAR MOТIVATSIYASINI RIVOJLANТIRISH

B.S.Axrarov, Soliq Akademiyasi “Informatsion texbologiyalar” kafedrasi katta o‘qituvchisi

 

Bilim olish jarayoniga qiziqishni shakllantirish – bugungi kunda o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmagan, tarixan ta’lim muassasalarida doimo uchraydigan muammodir.

Ma’lumki, muayyan pedagog-o‘qituvchi mashg‘ulotlaridan so‘ng talabalarning bilim darajalari har doim ham  bir xil bo‘lavermaydi. Bunga sabab talabalarning o‘qituvchi tomonidan tushuntirilgan mashg‘ulot materiallarini turlicha qabul qilib, anglashlari natijasida turlicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlaridir. Pedagog va psixolog olimlarning tadqiqotlari o‘quv faoliyati natijalari ko‘p hollarda  ushbu faoliyatga undovchi motivlarga bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Muayyan fanni o‘qitishda o‘qitish samaradorligi ko‘p jihatdan talabalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni mustaqil bilim olishga yo‘naltira bilish, umuman talabalarning motivatsiyasini rivojlantirishga bog‘liq. Biroq talabalar motivatsiyasini rivojlantirishdan avval har bir talabaning, guruhning imkoniyatlari, motivatsiyasining real darajasi va istiqbollarini bilish zarur.

Ko‘p yillik tajribaga asoslangan holda hamda tadqiqot muammosidan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimida talabalar motivatsiyasini shartli ravishda quyidagi darajalarini ajratish mumkin:

  • Oliy. Bunday darajaga taalluqli talabada  bilim olishga intilish, o‘z-o‘zini rivojlantirish, shaxsiy sifatlarini, shu jumladan kasbiy ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlarni rivojlantirish yaqqol namoyon bo‘ladi.
  • O‘rta. Ushbu darajaga taalluqli talaba o‘zini qiziqtirgan mashg‘ulotlardagina faol ishtirok etadi, mustaqil ravishda maqsad va savollarni to‘g‘ri qo‘ya biladi hamda talab darajasidagi bilim va ko‘nikmalarni egallashga harakat qiladi.
  • Quyi. Bunday darajaga taalluqli talaba uchun masalalar yechish, mashqlarni bajarish, referatlar tayyorlash qiziq emas. Bunday talabaning o‘qish motivi “shuni qilish zarur” fikri bilan anglanadi va u o‘quv jarayonining o‘qishdan tashqari jihatlariga ko‘proq e’tibor qaratadi hamda shunchaki rasmiyatchilik uchun ball to‘plashga moyil bo‘ladi.

Тalabalar motivatsiyasini rivojlantirishda pedagog-o‘qituvchining kommunikativ hulqi, tovush ohangi, baholash va xulosa chiqarish bilan bog‘liq fikrlarining ilmiy asoslanganligi, talabalar bilan muloqot qilish madaniyati, ular bilan doimo o‘zaro aloqada bo‘lishi, mimikasi, xatti-harakatlari juda katta ahamiyatga ega. Pedagog-o‘qituvchi quyidagilarni ta’minlashi kerak:

- talabalar motvatsiyasini rivojlantirish maqsadida ularning ongiga, hissiyotlariga ijobiy ta’sir o‘tkaza bilish va tafakkurlarini rivojlantirish;

- o‘quv jarayonida tushuntirilgan bilimlarni talabalar to‘liq idrok etishlari, ularning mohiyatini anglashlari va mustahkamlashlariga erishish;

- talabalarning faol bo‘lishlari uchun vaqtdan ratsional foydalanish.

Masalan, “Axborot xavfsizligi” kursi bo‘yicha ma’ruzalarini o‘tkazishda talabalar e’tiborlari quyidagilarga yo‘naltirilishi kerak:

  • o‘rganilayotgan obyekt, jarayon, dasturiy ta’minot, axborot texnologiyasining xususiyatlari, tamoyillari, imkoniyatlarini tushunib yetishga. Masalan, «Antivirus dasturlari, ularning xususiyatlari» mavzusidagi ma’ruzada  antivirus dasturlari qanday qilib viruslarni aniqlashlarini yoki axborotlarning maxfiyligini ta’minlashda kriptografik algoritmlar tushuntirilishida bu juda muhimdir;
  • ma’lumotlar, dalillarni umumlashtirish va xulosalar chiqarishga. Masalan, axborotga bo‘ladigan  tahdidlarning eng ko‘p tarqalgan turlari orasidan qaysilari xavfli ekanligi yoki axborotlarni himoyalashda steganografik usul bilan kriptografik usullardan qaysi birini qo‘llash haqida xulosalar chiqarish;
  • o‘tilgan ma’ruza mavzusini mustahkamlash maqsadida turli xildagi interaktiv usullarni (masalan, sinkveyn, intellektual topshiriq, ekspress-test, “qo‘shningga savol ber”, “tushunchani top” kabi usullarni) qo‘llagan holda ularning faolliklarini oshirish.

Тalabalar motivatsiyasini  qaysi vositalar orqali rivojlantirish mumkin?

  1. Birinchi navbatda talabalar fikrlarini ko‘riladigan materialga jalb qilish. Bunda muammoni atroflicha yoritish, nazariya va amaliyot  uchun uning ahamiyatini ochib berish, xususiyatlarini ko‘rsatish zarur.
  2. Oldindan tuzilgan reja asosida prinsipial muhim materialni mos nazorat savollari  bilan birgalikda tanlash, ularni auditoriyaga ma’lum qilish faollikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
  3. Тafakkurni faollashtirish va qiziqishni uyg‘otish vositasi muammoli vaziyat yaratishdir. Muammoli vaziyat ma’lum va noma’lumlarni bog‘laydi, amaldagi yechim olishga qiziqishni orttiradi. Masalan, «Operatsion tizimlar va ularda axborot xavfsizligi» mavzusi bo‘yicha ma’ruzada «qanday qilib operatsion tizim komponentalari yaxlitligini, unga ruxsatsiz murojaatlarni cheklash mumkin?», - degan savol bilan muammoli vaziyatni yaratish orqali muammoni hal qilish yo‘llari va usullari aniq tanlangan  reja asosida tushuntirilishi talabalarda qiziqish uyg‘otadi.
  4. Тafakkurni faollashtirishda ma’ruzachining ustalik bilan bahs-munozaraga kirishishi, shubhali holatlar yaratishi va ularni keyinchalik bartaraf etishi muhimdir.
  5. Ma’ruzaning ko‘tarinki his-tuyg‘u bilan o‘qilishi auditoriyaga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. O’quv materialiga berilib ketgan ma’ruzachi talabalarda ijobiy hislarni shakllantiradi va ularning fikrlash faoliyatlarini rag‘batlantiradi. Va, aksincha, materialni sust, bir ohangda bayon etish talabalarni ranjitishi, va hattoki talabalar tomonidan ma’ruzaning ahamiyatga molik qismlarini o‘tkazib yuborishlariga olib kelishi mumkin.
  6. Ma’ruzachi bayon etilayotgan materialni qiziqarli misollar, solishtirma-taqqoslashlar, tahlillar bilan boyitib borishi muhim. Тalabalar mantiqiy fikrlashlarini rivojlantirishda induksiya va deduksiya, tahlil va sintez bilan bog‘liq holda qo‘llanilishi muhim.
  7. Agar ma’ruzada talaba faolligi asosan ma’ruzani tinglash va materialni konspektga  to‘ldirish bilan kifoyalanadigan bo‘lsa, u holda uning kam samaradorligi o‘z-o‘zidan ravshan. Shuning uchun har bir reja bandlari oralig‘ida 5-6 minut talabalar bilan teskari aloqa asosida reja bandi bo‘yicha  klaster, ekspress-test dasturi yoki elektron krossvord usulidagi topshiriqlar, shuningdek,  diskursiv usulda (diskurs fransuzcha  discours so‘zidan olingan bo‘lib, muhokama qilmoq, fikrlashmoq degan ma’noni bildiradi) o‘zlashtirilgan materialni muhokama qilish asosida o‘tilgan materialni mustahkamlash talabalar faolligini oshiradi.
  8. Ma’ruzachi materialni tushuntirishda multimedia taqdimotlaridan o‘rinli foydalanish ma’ruzaning mazmunli, rejali o‘tkazilishini ta’minlaydi. Kezi kelganda mavzuga tegishli masalalarni kompyuterda bevosita namoyish qilib, ko‘rsatishi amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida shug‘ullanishlari uchun yo‘nalish beradi.

Ijobiy motivatsiya o‘quv mashg‘ulotlari muvaffaqiyatining asosini, har bir talabaning o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishlari uchun muhim turtki, mashg‘ulotglarga bo‘lgan qiziqishni shakllantiruvchi asosiy harakatlantiruvchi kuchdir.

Yuqoridagi fikrlar asosida quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

  1. Motivatsiya – talabalarning muvaffaqiyatli o‘qishlari uchun muhim bo‘lgan omillardan biri.
  2. Тalabalarning ijobiy motivatsiyasining pasayishi o‘quv jarayoni muvaffaqiyati va samaradorligining pasayishiga olib keladi.
  3. Kurs mazmuni va uni o‘qitish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan motivlarni rivojlantirish talabalar tomonidan kursni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishlari uchun zamin yaratadi.
  4. Kurs davomida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash talabalarda ijobiy motivatsiyani, ularning mantiqiy va ijodiy fikrlash qobiliyatlarini hamda tafakkurini rivojlantiradi.

 



Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va boshqarishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish

O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi

 Soliq akademiyasi “Iqtisodiy fanlar” kafedrasi mudiri

i.f.n. M.I.Kutbitdinova

 

2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga xorijiy, avvalo, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, davlat mulki xususiylashtirilgan ob’ektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyat, tuman va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ko’plab vazifalar belgilangan. Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 26 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’o’risida”gi farmoniga muvofiq ushbu zonalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. «Navoiy», «Angren», «Jizzax», «Urgut», «O’ijduvon», «Qo’qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarida umumiy qiymati 486 million dollarga teng 62 loyiha amalga oshirilgan, 4 ming 600 dan ortiq ish o’rni yaratilgan. Farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo’stonliq-farm», «Parkent-farm» singari 7 yangi erkin iqtisodiy zonaniri vojlantirish bo’yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Yig’ilishda erkin iqtisodiy zonalardagi natijalar qoniqarli emasligi, ularni yanada rivojlantirish uchun tartib-taomillarni soddalashtirish, investor va tadbirkorlarni jalb etishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz topshirio’iga asosan erkin iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, xorijdan yuqori texnologik uskunalar xarid qilish uchun O’zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi mablag’i hisobidan 100 million dollar miqdorida chet el valyutasidagi kredit liniyasi ochilgan.

Kichik sanoat zonalarida direksiyalar tashkil etilgan. Kredit olish va bank xizmatlaridan foydalanishda muammo bo’lmasligi uchun har bir zonaga muayyan tijorat banki biriktirilgan. Bozor talablari va import nomenklaturasini o’rganish asosida tadbirkorlar uchun takliflar, istiqbolli loyihalar ro’yxati shakllantirilgan. Kichik sanoat zonasida ishlaydigan sub’ektlar 2 yil barcha soliqlardan ozod etilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri tumanlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chog’ida bo’sh turgan yoki samarasiz ish yuritayotgan ishlab chiqarish binolarini borib ko’rdi. Ulardan samarali foydalanish, yangi korxonalar tashkil etishni rag’batlantirish maqsadida ushbu binolar negizida kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Mamlakatimizdagi kichik sanoat zonalari 96 taga yetdi.

Bugungi kungacha ushbu zonalarda umumiy qiymati 535 milliard so’mga teng 1021 loyiha amalga oshirilgan, 9 ming 600 dan ziyod ish o’rni yaratilgan. Loyihalar doirasida nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir bo’lgan engil sanoat, kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi buyumlari, zamonaviy qurilish materiallari, mebel vaboshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bundantashqari, 248 loyihani amalga oshirish natijasida 11 ming yangi ish o’rni yaratish rejalashtirilmoqda. Kichik sanoat zonalarda sarmoyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o’rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish muhim urin tutmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev tegishli vazirlik, idora va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning bu sohadagi faoliyatini tanqid qilib, ularda tashabbuskorlik yetishmasligi, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish bo’yicha ishlarni tashkil qilish, xususan, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan loyihalarni ko’rib chiqish va muvofiqlashtirish jarayoni murakkabligicha qolib, odatda rasmiy xarakter kasb etmoqda. Erkin iqtisodiy zona qatnashchilariga yer uchastkalari ajratish masalalarini hal etishda hanuz byurokratizm asoratlari saqlanib qolmoqda.
«Urgut», «Qo’qon», «G’ijduvon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalari, shuningdek, farmatsevtika yo’nalishidagi erkin iqtisodiy hududlarda yangi korxonalar tashkil etish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb qilish ishlari sustbormoqda. Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoa  tzonalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, suvvaboshqa kommunikatsiya tarmoqlari bilan barqaror ta’minlashda muammolar kuzatilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida investor va tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratishga oid kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish bo’yicha topshiriqlar berdi. Avvalo, ushbu zonalar faoliyatiga doir me’yoriy-huquqiy bazani qayta ko’rib chiqish, bugungi zamon talablariga moslashtirish, barcha uchun ochiq va tushunarli mexanizm yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Yer uchastkalari, bo’sh turgan binolarni ajratish tartibini soddalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’muriy kengash tomonidan ko’ribchiqiladi. Shu paytgacha bu kengash 17 vazirlik va idoradan iborat edi. Prezidentimiz ko’rsatmasiga muvofiqularning soni 4 ta etib belgilandi.

Bu borada yangi tizim – hududiy komissiyalar tashkil etilib, ularning loyihalarni ko’rib chiqish va ruxsat berish huquqlari kengaytirildi. Shuningdek, iqtisodiy zonalarda joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish mezoni qayta ko’rib chiqiladi, erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga kredit ajratishni yaxshilash hamda muhandislik ta’minoti vositalari bilan ta’minlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.

Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida joylashgan korxonalarni barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma bilan o’z vaqtida ta’minlab borilsa milliy iqtisodiyotimiz yanada yuqori ko’rsatkichlarga erishadi.

 


O’zbekiston  Respublikasining Konstitutsiyasi

soliq huquqining asosiy manbai sifatida

G.M.Isroilova

Soliq akademiyasi

“Yuridik fanlar” kafedrasi

o’qituvchisi

 

Soliq huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik  manbalarining o’ziga xos xususiyatlari shundaki, ular huquqiy bazaga ega bo’ladi, soliqqa oid munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qiladi, hamma uchun majburiy, bajarilish lozimligi belgilangan, davlat vakolatli organlari tomonidan qo’riqlanadigan hamda bajarilishi tahminlanadigan qonunchilik hujjatlari majmuidir.

Soliq sohasidagi qonun hujjatlari turkumida konstitutsiyaviy normalar birlamchi ahamiyatga ega bo’lib, barcha qonun hujjatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari asosida shakllanadi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasisoliq huquqi fanining hamda soliqqa oid huquqiy munosabatlarning asosiy, birlamchi yuridik manbai bo’lib, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatda davlat soliq organlari tizimini yanada  modernizatsiya qilish, soliq sohasidagi islohotlarni yuridik asoslantirish va ularni amalga oshirishdagi o’rni beqiyosdir. Mahlumki, milliy huquqiy tizimni tartibga solishda Konstitutsiyaning  tutgan o’rni va roli birlamchi ahamiyatga egadir. Shu sababli, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi barcha  yuridik fanlarni rivojlantirish barobarida soliq sohasidagi huquqiy masalalarni tadqiq etishda ham muhim o’rin tutadi. Konstitutsiya faqatgina yuridik fan nazariyasini boyitibgina qolmay, balki huquqni qo’llash amaliyotini takomillashtirishda ham salmoqli o’rin egallaydi.

O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tabiri bilan aytganda, mamlakatni jadal rivojlantirish borasidagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda fanni va ilmiy infrastrukturani rivojlantirish g’oyat muhim ahamiyatga ega[1]. Konstitutsiya O’zbekiston respublikasining haqiqiy mustaqil davlat maqomiga ega ekanligiga qonuniy asos soldi, uning tegishli normalarida jamiyatning tuzilishida va davlat qurilishida fuqarolarning huquq va erkinlikka erishishida sodir bo’lgan tub o’zgarishlar o’z aksini topdi va mustahkamlandi. SHu bilan birga, Konstitutsiya mamlakatimizda qonunchilik faoliyatini rivojlantirish va bu sohada erkin ijod qilish uchun imkoniyat yaratib berdi[2]. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A Karimov tahkidlaganidek,“...biz mamlakatimizda huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini eng oliy va ustivor qadriyat sifatida qaror toptirish borasida o’tgan davr mobaynida  qonunchilik sohasida va amaliy siyosatimizda qanday natija va yutuqlarni qo’lga kiritgan bo’lsak, ularning barchasi Konstitutsiyamizda muhrlab qo’yilgan talab va tamoyillar bilan uzviy bog’liqdir”[3].

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yuridik fanlarni shu jumladan, soliq huquqini ham rivojlantirishning ustuvor va asosiy manbaidir. Konstitutsiya demokratik jamiyat va fan taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Eng avvalo shuni takidlash kerakki, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy va ustuvor huquq manbai bo’lganligi sababli yuridik fanlarni shu jumladan, soliq huquqini konstitutsiyaviy normalar, qoida va printsiplari asosida rivojlantirish istiqbolli vazifa bo’lib hisoblanadi.

 

[1]Karimov I.A. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo’lida .T.6 -T.: O’zbekiston. 1998.-212 b

[2]Raҳmonqulov X. Yuridik fanlarni rivojlantirishning istiqbollari // Yuridik fanlarni rivojlantirishning dolzarb muammolari / Ilmiy-amaliy konferentsiya materiallari. Mashul muҳarrir: F.Ҳ.Otaxonov.-T.: TDYuI nashriyoti 2006.-57 b  

[3]Karimov I.A. Inson manfaatlarini tahminlash, ijtimoiy ҳimoya tizimini takomillashtirish – ustuvor vazifamizdir / Prezident Islom Karimovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi mahruzasi // Xalq so’zi – 2006 – 8 dekabr.