O'zbekiston Respublikasi

Davlat soliq qo'mitasining

Soliq akademiyasi

 

gerb

   sitemap

 

 

Home  /  E-jurnal  /  Maqolalar  /  "Soliq va hayot" ilmiy-elektron jurnali №2, 2018

"Soliq va hayot" ilmiy-elektron jurnali №2, 2018

Ibrohimov Yorqinjon To‘lqin o‘g‘li

Boymatjonov Anvarjon A’zam o’g’li

 Davlat soliq qo’mitasi Soliq akademiyasi

magistranti

 

Rivojlangan davlatlarning tajribasini inobatga olgan holda, elektron tijoratni rivojlantirishni soliq mexanizmlari orqali rag’batlantirish

 

Annotatsiya. Mazkur maqolada  elektron tijoratning mohiyati va ushbu tijorat turining mamlakatimizdagi iqtisodiy potensiali, innovatsion jarayonni rag’batlantirishda mavjud to’siqlarni bartaraf etish, ushbu faoliyatni rag’batlantiruvchi soliq mexanizmlarini yaratish masalalari  yoritilgan. Izlanishlar natijasida elektron tijorat  faoliyatini rivojlantirish maqsadida soliq mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berilgan.

Аннотация. В данной статье рассмотрено понятие электронная коммерция и её потенциал в нашей стране, раскрыты налоговые барьеры, препятствующие активизации инновационных процессов, изложены методы стимулирования инновационной деятельности посредством налоговых инструментов. Также даны предложения и рекомендации по совершенствованию налоговых механизмов для развития электронной деятельности.

Annotation. This thesis clarifies understanding of electron commerce, economic potential of this sort of business, and matters on creating encouraging tax mechanisms of this sphere. As result of researching proposals and recommandations are given to boost tax mechanisms in order to develop electron commerce.

Tayanch so’zlar. Tijorat, elektron tijorat, soliq mexanizmi, AKT, fiskal, egri soliqlar, soliq yuki, neytral munosabat.

Ключевые слова. Коммерция, электронная коммерция, налоговый механизм,  ИКТ, фискал, косвенные налоги, налоговое бремя, нейтральные отношения

Key words. Commerce, electron commerce, tax mechanism, IT, fiscal, indirect tax, tax burden, neutral attitude.

 

 

Kirish

Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o’tgan taraqqiyot yo’lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori konyukturasi keskin o’zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro’yobga chiqarishni taqozo etmoqda. Shuningdek, respublikamizda bozor iqtisodiyotining tobora rivojlanib borishi tadbirkorlik subyektlarining yangi faoliyat yo’nalishlari va ularning tashkil etilish shakllarini vujudga keltirmoqda. Bunga asosiy ta’sir etuvchi omillar qatorida alohida o’rin tutuvchi - axborot kommunikatsiya texnologiyalarini misol qilib keltirib o’tishimiz mumkin.

XXI asrni axborot texnologiyalari asri deb nomlashgani bejizga emas. Zero, hayotimizning har jabhasida uning ta’sirini uchratishimiz mumkin. Bu esa, hozirgi kunga kelib, tadbirkorlik sohasiga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qolmadi. Mamlakatimizda 2018-yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab quvvatlash” yili deb nomlanishi innovatsion faoliyatni naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini, uni rivojlantirish uchun keng yo’l ochib berish dolzarb masala ekanligini ko’rsatib berdi. Agarda, internet tarmoqlaridagi turli xil web-saytlarni, ijtimoiy tarmoqlarni olib qaraydigan bo’lsak, u yerda turli virtual ko’rinishdagi tadbirkorlik subyektlari o’z faoliyatlarini amalga oshirmoqdalar. Ular ko’rsatadigan xizmatlar, realizatsiya qiladigan tovarlar  ro’yxati juda keng, ularga bo’lgan talab an’anaviy tarzda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarinikiga qaraganda ko’p miqdorni tashkil etadi. Buning sababi shundaki, internet tarmog’ining chegara yoki hudud bilmasligida, tadbirkorning bir chekka hududda ishlab chiqargan mahsulotini butun bir dunyoga axborot texnologiyasi yordamida tanitish imkoniyati mavjud. Ushbu imkoniyatlar orqali virtual amalga oshiriluvchi tadbirkorlik shaklining rivojlanishi, biznes sohasida yangi bir termin elektron tijorat tushunchasining paydo bo’lishiga turtki bo’ldi.

Avvalambor, ushbu tushunchaning mohiyatiga e’tibor qaratib o’tadigan bo’lsak, elektron tijorat tushunchasiga O’zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to’g’risida”gi Qonunida quyidagicha ta’rif keltirib o’tilgan, unga asosan “Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar(ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi elektron tijoratdir”[1]. Ushbu ta’rif orqali elektron tijoratning nima ekanligi haqida yetarlicha tushunchaga ega bo’lamiz, shuningdek, ushbu ta’rifda “axborot tizimlaridan foydalanilgan holda” deb alohida to’xtalib o’tilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, xorijiy olimlarning elektron tijorat to’g’risida bildirgan fikrlariga e’tiborimizni qaratib o’tadigan bo’lsak, Rainer and Segielski elektron tijoratni quyidagicha tavsiflaydi:  “Elektron tijorat internetni o’z ichiga olgan holda kompyuter texnologiyalari yordamida mahsulotlarni, xizmatlarni, ma’lumotlarni sotib olish, sotish, transfer qilish va ayirboshlash jarayonidir” [2]. Elektron tijoratga berilgan bu ta’rifda elektron tijoratning xususiyatlaridan kelib chiqib, uni tavsiflashga harakat qilingan. Bizning fikrimizcha, “Elektron tijorat to’g’risida” gi Qonunda keltirilgan ta’rifni ham “ma’lumotlarni transfer qilish va ayirboshlash” so’zlari bilan to’ldirish lozim.

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili

Mazkur maqolani yozishda asosan O’zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohani amalga oshirish bo’yicha ishlab chiqilgan me’yoriy-hujjatlar [1-4] tahlil qilingan.  Ushbu maqolada mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim bo’g’inlaridan biriga aylanishi kutilayotgan elektron tijorat sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortish mexanizmlarini takomillashtirishga oid masalalar ko’rib chiqilgan. 

Bundan tashqari, xorijiy adabiyotlardan Hannah V.Minkevitchning  Berkeley Technology Law Journal nomli jurnalda “To tax or not to tax? That’s not the question: The role of tax within maturing world of e-commerce” mavzudagi maqolasida elektron tijorat sohasi taraqqiyotiga xos bo’lgan asosiy tendensiyalar, elektron tijorat sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortish mexanizmi, uning o’ziga xos xususiyatlari, soliqlarni undirish bilan bo’gliq bo’lgan masalalar borasida zamonaviy yo’nalishlarni namoyon qilingan.

Tadqiqot metodologiyasi

Global miqyosda rivojlanib borayotgan ushbu tijorat turini respublikamizda ham amalga oshirilishini rag’batlantirish, hamda uni amalga oshirilishining tartib-taomillarini ishlab chiqish, hamda uni rivojlantirish bo’yicha bo’yicha yengilliklar berish, yetarli darajadagi infratuzilma bilan ta’minlash borasida atroflicha ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bunga misol sifatida, 2015-yil 22-maydagi O’RQ-385 sonli “Elektron tijorat to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni(yangi tahriri), ushbu Qonunni amalga oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-dekabrdagi 353-sonli “2016-2018 yillar davrida O’zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi “Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 185-sonli qarori, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi PF-4947-sonli farmonlari va uni ijrosi bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keltirib o’tishimiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi PF-4947-sonli farmonida Harakatlar strategiyasining 3-yo’nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo’nalishlari keltirib o’tilgan, unda makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlab qolish, Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, xususan, soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va tegishli rag’batlantiruvchi choralarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratib o’tilgan. [3] Bu borada, 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Elektron tijoratni rivojlantirish bilan bo’gliq aniq vazifa qo’yilgan bo’lib, unga ko’ra ijro uchun mas’ul tashkilotlar tomonidan valyuta va soliq nazoratini soddalashtirishni o’z ichiga olgan elektron tijoratni rivojlantirishni rag’batlantirish, plastik kartalar bo’yicha o’zaro hisob-kitob qilish tizimida olinmagan tovarlar va foydalanilmagan xizmat uchun to’lovni qaytarishni tartib-taomillari va texnologiyalarini joriy etish masalalari ko’zda tutib o’tilgan.

Davlat dasturida keltirilgan elektron tijoratni rivojlantirishni rag’batlantirish vazifasini amalga oshirish uchun avvalo hukumat uni qaysi yo’llar orqali rag’batlantirish mumkinligi, hamda bu sohaning iqtisodiy potensiali qay darajada ekanligini bilishimiz lozim. Hozirgi kunda, respublikamizda elektron tijorat unchalik darajada rivojlanmagan bo’lsada, lekin ushbu biznes segmentining jahondagi iqtisodiy potensiali juda yuqori baholanadi. Buni, jahon iqtisodiy-moliyaviy adabiyotlarida olimlarning fikrlaridan anglab olish qiyin emas.

Bu borada chet el tajribasiga nazar soladigan bo’lsak, iqtisodchi olim Robin Oliverning fikriga ko’ra, - “soliq ma’murchiligi ijobiy fiskal sharoit orqali elektron tijoratni rivojlantirishni rag’batlantirish, hamda undagi daromad manbaini soliqqa tortilishini oldini olish maqsadlariga e’tiborini qaratishi lozim”, [4] ya’ni, elektron tijoratga nisbatan hech qanday maxsus soliqqa tortish yondashuvi qo’llanilmasligi lozim. Asosiy qonun-qoidalarni o’zgartirmagan holda, mavjud tamoyillarga moslashish maqsadida, soliq qonunchiligini amalda qo’llanilishi borasida xalqaro kelishuvga erishish zarurligiga urg’u berib o’tilmoqda.

Iste’molchilarni soliqni to’lash kerakligining majburiyligini tushuntiruvchi targ’ibot ishlarini va ularning ustidan monitoring nazoratini olib borish uchun sarflangan xarajatlar elektron tijoratni soliqqa tortishdan kelib tushadigan soliqlardan ortib ketish ehtimoli mavjud. Elektron tijoratda amalga oshirilayotgan operatsiyalarga to’g’ri soliqlarni qo’llashdan ko’ra, egri soliqlarni qo’llash ancha samaraliroq hisoblanadi. Hukumatning tovar(ish,xizmat)larni realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyektlarini soliqlarni yig’ish uchun mas’ul qilib belgilashga yetarlicha imkoniyatlari mavjud, buni soliqlar orqali rag’batlantirishlar berish orqali ham amalga oshirish mumkin. [5]

eBay kompaniyasining hukumat bilan munosabatlar bo’yicha vitse-prezidenti Tod Cohen elektron tijoratni soliqqa tortish borasida o’z fikrini bildirib o’tgan, unga ko’ra “Internet soliq yukini kichik biznes subyektlariga nisbatan oshirish hech qanday mantiqqa ega bo’lmaydi, ayniqsa - hozirda tadbirkorlar qo’shimcha ish o’rinlari yaratayotgan va iqtisodiy faoliyat yuritayotgan bir davrda!”[6]

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar Elektron tijoratning ahamiyatini  naqadar yuqori ekanligini, respublikamizda ham tijoratning ushbu turini rivojlantirish, uni soliqqa tortish borasida aniq bir yechimlar ishlab chiqish, hamda elektron tijoratni soliqlar vositasida rag’batlantishning dolzarb masala ekanligini ko’rsatib turibdi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida, birinchi navbatda, soliqqa tortish munosabatlarini tartibga soluvchi O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga elektron tijorat tushunchasini, uning soliqqa tortish obyektlari va bazasini  aniqlanish tartibini kiritib o’tish lozim, sababi elektron tijoratda sotiladigan ayrim nomoddiy tovarlarning xususiyati, ularga nisbatan alohida yondashuvni talab etadi. Respublikamizda elektron tijoratning soliqqa tortish obyektlari va bazalarini aniqlashda mavjud muammolari hal qilinguniga qadar, boshqa ayrim turdagi soliqlarda bo’lgani kabi eng kam me’yorlar joriy qilinishi lozim. Masalan, elektron tijorat bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik subyekti elektron sayt orqali turli musiqa, kino va shunga o’xshash media mahsulotlarni aholiga realizatsiya qiladi, bunda qaysi mahsulotga qancha soliq joriy qilinishi va uning necha foiz stavkada qo’llash muammo bo’lishi mumkin. Shu sababli, biz avvalambor, ushbu saytni virtual joy maydonini aniqlaymiz (xosting joy 500mb, 750mb, 1gb), hamda ushbu joy to’g’risida ma’lumot olish oson va bu joydan kelib chiqib ularga nisbatan eng kam me’yorni qo’llashimiz mumkin bo’ladi. Masalan, sayt joylashgan joyi 500mb gacha ega tadbirkorlik subyektlari uchun oyiga eng kam oylik ish haqining 1 barobaridan kam bo’lmagan miqdorda soliq to’lash belgilanishi kerak.

  Shuningdek, yana bir masala, ya’ni elektron tijoratni qanday soliqqa tortish lozim, uni soliqqa tortishning alohida tartibini ishlab chiqish kerakmi yoki uni an’anaviy tijorat turlaridan farqlamagan tarzda bir xil mexanizm asosida soliqqa tortish kerakmi degan masalaga ham Soliq kodeksida oydinlik kiritib o’tilishi, unga nisbatan soliqqa tortish mexanizmi masalalari ochib berilishi kerak. Ushbu masalalar shunday yoritib o’tilishi kerakki, bunga asosan tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar hukumatning elektron tijoratga nisbatan munosabatini, keyingi yillarda amalga oshirilishi yoki berilishi mumkin bo’lgan imkoniyatlar, imtiyozlar va yengilliklar to’g’risida to’liq tassavurga ega bo’lishlari lozim.

Shu o’rinda, elektron tijoratni respublikamizda rivojlanishini rag’batlantirish dolzarb masala ekan, ularga nisbatan imtiyozlar berish lozim. O’zining elektron tijorat faoliyatini rivojlantirmoqchi bo’lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga, aynan elektron tijoratni yo’nalishini rivojlantirish bilan shug’ullanuvchi firmaning hodimiga yagona ijtimoiy to’lov va sug’urta badali to’lashdan ozod qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa aynan elektron tijoratni rivojlantirish uchun yana bitta qo’shimcha ishchi yollash huquqini berish lozim. Ushbu imtiyozlar qisqa vaqt ichida yurtimizda elektron tijorat sohasining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatadi.

Shuningdek, agarda korxona va tadbirkorlik subyektlari o’z faoliyatlarida elektron tijoratni rivojlantirish maqsadida tijorat banklariga kredit so’rab murojaat qilsa, ularga ushbu tarmoqni rivojlantirish uchun qayta moliyalash stavkasida yoki pasaytirilgan stavkalarda imtiyozli kreditlar taqdim etish kerak. Tadbirkorlik subyektlari ushbu mablag’lari hisobidan elektron tijoratni rivojlantirishga intiladilar, buning natijasida ularning tovar oborotlari kengayishiga olib keladi. Bu esa, ham tadbirkorlik subyektiga ham davlat budjeti daromadlari miqdoriga o’zining ijobiy ta’sirini o’tkazmasdan qolmaydi.

Xulosa va takliflar

Agar elektron tijoratni rivojlantirish uchun yuqoridagi maqsadli ishlar amalga oshirilsa, quyidagi istiqbolli natijalarga erishish mumkin:

  1. Elektron tijorat tushunchasining to’liq mohiyatini anglab yetishga imkon beradi, bu o’z navbatida keyinchalik soliq bazasini oshishiga o’z xissasini qo’shadi;
  2.  Elektron tijoratni rivojlantirishga beriladigan imtiyozli kreditlar, yengilliklar ular sonining ortishiga olib keladi, shuningdek, elektron tijorat bilan shug’ullanuvchi soliq to’lovchilarni qamrab olish imkoniyati paydo bo’ladi;
  3. Mavjud yuridik va jismoniy shaxslarga faoliyatlarini elektron tijorat orqali rivojlantirishi uchun yollangan hodimlarga beriladigan imtiyozlar, ular faoliyatidan keladigan daromadlarini oshishiga olib keladi va budjet daromadlariga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi;
  4. O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida belgilangan, valyuta va soliq nazoratini soddalashtirishni o’z ichiga olgan elektron tijoratni rivojlantirishni rag’batlantirishga oid masalalar hal qilinadi.

 

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, respublikamizda ham elektron tijoratni soliqqa tortishning jahon tajribasini hisobga olgan holda, ma’lum bir yengilliklar berish orqali uning rivojlanishini rag’batlantirib, lekin uni soliqqa tortishda neytral munosabat tamoyiliga amal qilish lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

 

  1. 2015-yil 22-maydagi O’RQ-385 sonli “Elektron tijorat to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni(yangi tahriri) Xalq so’zi gazetasi 23.05.15y
  2. Rainer, K. & Cegielski, C. (2011) Introduction to information systems: Enabling and transforming business. Third edition. John Wiley & Sons Inc.
  3. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi PF-4947-sonli farmoni
  4. R.Oliver “Tax challenges of e-commerce” Tokio 9 March 2001
  5. Hannah V.Minkevitch “To tax or not to tax? That’s not the question: The role of tax within maturing world of e-commerce” Berkeley Technology Law Journal, Vol 27, pp 705-735
  6. Jan Norman, U.S. Senate Moves To Allow Internet Sales Tax, The Orange County Register(Nov 14, 2011), http://m.ocregister.com/articles/tax-326546-states-sales.html
  7. I.F.D. Prof. Sh.Toshmatov  “O’zbekistonda elektron tijorat sohasini soliqqa tortishni takomillashtirish yo’nalishlari” tezis ma’lumotlari